26июн

O‘zbekiston-Mo‘g‘uliston munosabatlari: kelajakda fitosanitariya sohasidagi qaysi yo‘nalishlar dolzarb bo‘ladi?

Mo‘g‘uliston O‘zbekistondan barcha turdagi sabzavot va mevalarni fitosanitariya sertifikati asosida eksport qilish mumkin bo‘lgan davlatlardan biri hisoblanadi.
2023-yilda mamlakatimizdan Mo‘g‘ulistonga 900 ming dollarlik 811 tonnadan ortiq meva-sabzavot eksport qilingan bo‘lsa, 2024-yilning birinchi yarmida eksportchilarimiz tomonidan 322 ming dollarlik 329 tonna qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetkazib berildi.
Biroq tomonlarning mazkur yo‘nalishdagi hamkorlikning hozirgi darajasi mavjud salohiyatini to‘liq aks ettirmaydi.
Shu sababli Mo‘g‘uliston vakillarining Agentlikka tashrifi chog‘ida o‘zaro tovar ayirboshlash hajmini, jumladan, yangi, qayta ishlangan, quritilgan meva-sabzavot va oziq-ovqat mahsulotlari eksportini oshirish bo‘yicha yangi maqsadlar belgilandi.
Xususan, O‘zbekiston delegatsiyasining yaqinda Mo‘g‘ulistonga amalga oshirgan tashrifi yakunlari muhokama qilindi. Unda “O‘zbekiston va Mo‘g‘uliston karantin xizmatlari o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risida kelishuv” hamda “2024-2025 yillarga mo‘ljallangan Harakat dasturi”ning bajarilishi ko‘rib chiqildi.
Shuningdek, Oʻzbekiston delegatsiyasining tashrifi doirasida Moʻgʻuliston Milliy Savdo-sanoat palatasi rahbariyati va aʼzolari bilan savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish va Ulan-Bator shahrida “Oʻzbekiston” savdo uyini tashkil etish yuzasidan samarali muzokaralar olib borildi.
Yangi mahsulotlarni yetkazib berish bo‘yicha Mo‘g‘ulistonning qator importyorlari bilan, jumladan, “Emart” yirik chakana savdo tarmog'i, “Odni Togtool Trade” MChJ ulgurji kompaniyasi va boshqalar bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha kelishuvga erishildi hamda qayta ishlangan meva va sabzavotlarni eksportini oshirish masalasi ,uhokama etildi.
“GOLS MChJ” kompaniyasi bilan olib borilgan muzokaralar natijalariga ko‘ra, joriy yilgi dastlabki sara sarimsoq partiyasi eksportga chiqarishga tayyorlanmoqda.
Tomonlar 2024-yilning avgust oyida O‘zbekistondan ho‘l va qayta ishlangan meva-sabzavot eksportchilarining Mo‘g‘ulistonga tashrifini tashkil etishga kelishib oldilar.